Ta'minlangan tokenlarni chiqarish, chiqarilishini ro'yxatdan o'tkazish, birlamchi joylashtirish va muomalasi tartibi to'g'risidagi nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
-
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’minlangan tokenlarni chiqarish, chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish, birlamchi joylashtirish va muomalaga kiritish tartibini belgilaydi.
-
Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
- ta’minlangan token — қандайдир moddiy yoki boshqa mol-mulk bilan ta’minlangan token;
- token — ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrida hisob birligi hisoblanadigan, muayyan aktivga bo‘lgan majburiyatni yoki mulk huquqini tasdiqlash uchun xizmat qiladigan, boshqaruvi smart-kontrakt asosida amalga oshiriladigan kripto-aktiv turi;
- smart-kontrakt — huquq va majburiyatlar ijrosi avtomatik tartibda raqamli tranzaksiyalarni amalga oshirish yo‘li bilan bajariladigan elektron shakldagi shartnoma;
- investitsion token — ta’minlangan tokenning emitent bilan ularning egalari o‘rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlovchi turi. Investitsion tokenlar ularning egasiga asosiy qarz summasini, davriy foizlarni va (yoki) emitent daromadining bir qismini olish huquqini beradi;
- aktivlar bilan ta’minlangan token — egasiga moddiy aktivga bo‘lgan huquqni beruvchi investitsion token turi;
- tovar tokeni — tovarning raqamli analogi bo‘lgan, shu jumladan yetkazib berish zanjirini aniqlash, kuzatish va monitoring qilish uchun foydalaniladigan va (yoki) tovar va (yoki) xizmat evaziga qiymatni uzatish vositasi hisoblanadigan ta’minlangan token turi;
- ta’minlangan tokenni chiqarish — ta’minlangan tokenning yuzaga kelishiga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar;
- ta’minlangan token chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish — mazkur Nizom talablariga muvofiq chiqarilgan ta’minlangan tokenlarni muomalaga kiritishga ruxsat berish maqsadida kripto-depozitariy tomonidan kripto-aktivlarning elektron reyestriga tekshirish va kiritish;
- ta’minlangan tokenni birlamchi joylashtirish — investitsiyalarni jalb etish va faoliyatni moliyalashtirish maqsadida ta’minlangan tokenlarni kripto-depozitariy, kripto-birja yoki emitent ekotizimining elektron platformasida muomalaga kiritish jarayoni;
- yopiq savdo — ta’minlangan tokenlarni ommaviy e’lon va reklama kampaniyasisiz cheklangan sondagi investorlar o‘rtasida joylashtirish orqali amalga oshiriladigan savdo turi;
- ochiq savdo — ta’minlangan tokenlarni cheklanmagan sondagi investorlar o‘rtasida reklama kampaniyasini o‘tkazgan holda, shu jumladan ta’minlangan tokenlarning ommaviy taklifini joylashtirish orqali amalga oshiriladigan savdo turi;
- listing — kripto-birja tomonidan ta’minlangan tokenlarni kripto-birjaning elektron platformasida muomalaga kiritishga ruxsat berish jarayoni;
- vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
- kripto-depozitariy — O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs bo‘lib, kripto-aktivlarni chiqarish, ularni birlamchi joylashtirish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun elektron platforma va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalar majmuini taqdim etadi;
- kripto-birja — kripto-aktivlar bilan savdoni tashkil etuvchi, shu jumladan xaridorlar va sotuvchilar kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshiradigan kripto-aktivlar savdosi bo‘yicha elektron platformalarni yurituvchi yuridik shaxs;
- «White Paper» deklaratsiyasi — ta’minlangan tokenlarni joylashtirish yo‘li bilan investitsiyalarni jalb qiluvchi emitent tashkilot faoliyati to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan hujjat;
- emitent — O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lib, ta’minlangan tokenlarni chiqaradi va ular bo‘yicha ularning egalari oldida «White Paper» deklaratsiyasi va (yoki) shartnoma bilan belgilangan majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi;
- kripto-aktivlarning elektron reyestri (bundan buyon matnda — reyestr) — O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-depozitariy tomonidan ta’minlangan tokenlar chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tkazilishini hisobga oluvchi vakolatli organning axborot resursi;
- ta’minlangan token egasi — emitent tomonidan chiqarilgan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’minlangan tokenlarga egalik huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
- emitent ekotizimi — ta’minlangan tokenlarni chiqarish, taqsimlash va muomalaga kiritish uchun mo‘ljallangan emitentning axborot tizimi.
-
O‘zbekiston Respublikasi hududida rezidentlar tomonidan quyidagi kripto-aktivlarni chiqarish va kripto-depozitariy tomonidan ularning chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi:
-
stabil tokenlar.
-
Emitent tomonidan chiqarilgan ta’minlangan tokenlarning nominal qiymati milliy valyutada ifodalangan bo‘lishi kerak.
-
Emitent tomonidan chiqarilgan ta’minlangan tokenlar ta’minoti sifatida kripto-aktivlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
-
Chiqarilgan ta’minlangan tokenlarning nomlanishi yoki ramzlarida «davlat», «davlat tomonidan ta’minlangan», «davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan», «O‘zbekiston», «o‘zbek», «milliy», «so‘m (UZS)», shuningdek O‘zbekiston Respublikasi shaharlarining to‘liq yoki qisqartirilgan nomlarini har qanday tilda va har qanday shaklda ularning birikmalarini qo‘llash taqiqlanadi.
2-bob. Ta’minlangan tokenlarni chiqarish va chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish
-
Emitentlar ta’minlangan tokenlarni kripto-depozitariy yoki kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan kripto-birja orqali chiqarishlari mumkin, bundan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq terrorchilik faoliyatida yoxud ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar mustasno.
-
Ta’minlangan tokenlarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror emitent yoki uning boshqaruv organi tomonidan qabul qilinadi va quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
-
qaror qabul qilingan sana;
-
emitentning to‘liq nomi, uning joylashgan manzili (pochta manzili) va elektron pochta manzili;
-
chiqarilgan ta’minlangan tokenlar soni;
-
ta’minlangan tokenlar bo‘yicha huquqlarning turi va hajmi, shuningdek smart-kontrakt va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri to‘g‘risidagi маълумотлар;
-
ta’minlangan tokenlarga bo‘lgan huquqlarni ularning egasiga o‘tkazish tartibi;
-
ta’minlangan token egasining huquqlari;
-
ta’minlangan tokenlarni joylashtirish va boshqarish shartlari.
-
Ta’minlangan tokenlarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror ularning birlamchi joylashtirilishidan bir oy oldin emitentning rasmiy veb-saytida yoki boshqa axborot resursida e’lon qilinishi kerak.
-
Ta’minlangan tokenlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorda faqat bitta turdagi ta’minlangan tokenlarni chiqarish va chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish nazarda tutilishi kerak.
-
Ta’minlangan tokenlar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish faqat kripto-depozitariy tomonidan amalga oshiriladi.
-
Emitent ta’minlangan tokenlar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kripto-depozitariyga «White Paper» deklaratsiyasini taqdim etishi kerak. Bunda «White Paper» deklaratsiyasida quyidagi axborot ko‘rsatilishi lozim:
-
emitent ma’lumotlari (yuridik shaxsning to‘liq nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi va otasining ismi, faoliyat turi, emitent chiqarayotgan tovar yoki ko‘rsatayotgan xizmat);
-
ta’minlangan tokenlarni chiqarish, saqlash va (yoki) taqsimlash uchun foydalaniladigan ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi va elektron platforma to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek tarmoq xavfsizligini ta’minlash uchun emitent va (yoki) tarmoq egasi tomonidan ko‘rilgan choralar;
-
ta’minlangan tokenlarni chiqargan dasturchi (dasturchilar jamoasi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
-
ta’minlangan tokenning asosiy tavsiflari, shu jumladan ta’minlangan token bo‘yicha huquqlar va ularni ayirboshlash hisobidan moliyalashtirilayotgan loyiha tafsilotlari;
-
ta’minlangan tokenlarga mulk huquqini o‘tkazish usullari yoki mexanizmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (sertifikatsiya, ma’lumotlar reyestri va h.k.);
-
chiqarilgan ta’minlangan token qiymatini baholash metodologiyasi;
-
firibgarlik, xakerlik hujumlari va (yoki) boshqa moliyaviy jinoyatlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar va ularga qarshi choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
-
ta’minlangan tokenlar xizmat ko‘rsatuvchi provayderning elektron platformasida birlamchi joylashtirilganidan keyin ularni qayta sotib olish usullari va tartibi (holatlar va miqdorlar, mablag‘larni qaytarish usuli va h.k.) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
-
ta’minlangan tokenlarni muomalaga kiritishdan olingan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan loyiha va uning rivojlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (qanday loyiha amalga oshiriladi, uning muddatlari va mexanizmlari);
-
ta’minlangan tokenlar ta’minoti sifatida kiritilgan moddiy va (yoki) boshqa mol-mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan ushbu mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
-
kripto-depozitariyning lokal hujjatlari bilan belgilanadigan qo‘shimcha ma’lumotlar, shu jumladan ta’minlangan tokenlar reklamasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
-
Kripto-depozitariy mazkur Nizomga, kripto-aktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga va o‘zining lokal hujjatlariga muvofiq ta’minlangan tokenlarni chiqarish va chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
-
Kripto-depozitariy ta’minlangan tokenlar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazishda ularning ta’minoti sifatida kiritilgan moddiy va (yoki) boshqa mol-mulk mavjudligini tekshirishni ta’minlashi shart.
-
Kripto-depozitariy ta’minlangan tokenlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida ommaviy foydalanish uchun joylashtiradi.
-
Kripto-depozitariy ta’minlangan tokenlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan axborot ularning joylashtirilgan sanasidan boshlab ta’minlangan tokenlar ularning egalariga topshirilgan sanagacha foydalanish uchun ochiq bo‘lishini ta’minlaydi.
-
Kripto-depozitariy ta’minlangan tokenlar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgandan keyin bu haqda bir kun ichida vakolatli organni xabardor qilishi kerak.
-
Vakolatli organni xabardor qilish tegishli ma’lumotlarni reyestrga kiritish va avtomatik rejimda beriladigan tartib raqamini olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
-
Ta’minlangan tokenlar chiqarilishi tegishli ma’lumotlar reyestrga kiritilgan va tartib raqami olingan paytdan boshlab ro‘yxatdan o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
3-bob. Ta’minlangan tokenlarni birlamchi joylashtirish
-
Ta’minlangan tokenlarni birlamchi joylashtirish investitsiyalarni jalb etish va emitent faoliyatini rivojlantirish maqsadida, mazkur Nizom va kripto-depozitariyning lokal hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
-
Ta’minlangan tokenlarni birlamchi joylashtirish kripto-depozitariy tomonidan ularning birlamchi taklifini kripto-birjalarda, o‘zining yoki kripto-aktivlar savdosi amalga oshiriladigan boshqa elektron platformalarda listing qilish orqali amalga oshiriladi.
-
Ta’minlangan tokenlarni muomalaga kiritishga ruxsat berish tartibi va shartlari kripto-depozitariy bilan kripto-birja yoki kripto-aktivlar savdosi amalga oshiriladigan boshqa elektron platformalar o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
-
Ta’minlangan tokenlarni birlamchi joylashtirish yopiq yoki ochiq savdo orqali amalga oshirilishi mumkin.
-
Yopiq savdoda ta’minlangan tokenlar ommaviy e’lon va reklama kampaniyasisiz cheklangan sondagi investorlar o‘rtasida joylashtiriladi.
-
Ochiq savdoda ta’minlangan tokenlar reklama kampaniyasini o‘tkazgan holda, shu jumladan ta’minlangan tokenlarning ommaviy taklifini joylashtirish orqali cheklanmagan sondagi investorlar o‘rtasida joylashtiriladi.
-
Emitent «White Paper» deklaratsiyasi va (yoki) shartnoma majburiyatlarida nazarda tutilgan hollarda va miqdorda, ta’minlangan tokenlar birlamchi joylashtirilganidan so‘ng ularni qayta sotib olishni amalga oshirishi shart.
4-bob. Ta’minlangan tokenlarning muomalasi
-
Chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’minlangan tokenlarga bo‘lgan huquqlar hisobi kripto-depozitariyning elektron platformasida va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
-
Ta’minlangan tokenlarga bo‘lgan huquqlar kripto-depozitariyning elektron platformasiga tegishli yozuv kiritilgan paytdan boshlab ta’minlangan token egasiga o‘tadi.
-
Ta’minlangan token egasi quyidagi huquqlarga ega:
-
shartnomada belgilangan miqdorda ta’minlangan tokenlarni tasarruf etish, foyda yoki boshqa imtiyozlar olish;
-
agar shartnomada boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa, ta’minlangan tokenlarni realizatsiya qilish, topshirish va (yoki) ayirboshlash;
-
o‘ziga taalluqli doira va hajmda amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha kripto-depozitariydan axborot so‘rash va olish.
-
Ta’minlangan token egasi kripto-aktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga va kripto-depozitariy tomonidan belgilangan talablarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
-
Ta’minlangan token egasi quyidagilarga majbur:
-
mavjud bo‘lgan taqdirda, ta’minlangan tokenlarni sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma bilan belgilangan barcha talablar va shartlarni bajarish;
-
emitent tomonidan chiqarilgan ta’minlangan tokenlar umumiy miqdorining 35 foizi va undan ortig‘i sotib olingani to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilish.
-
Ta’minlangan token egasi tomonidan axborotni oshkor qilish tartibi va muddatlari kripto-depozitariyning lokal hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
-
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari kripto-birjaning elektron platformasida quyidagilarni amalga oshirishga haqli:
-
kripto-birjada ta’minlangan tokenlar bilan milliy valyutaga barcha turdagi savdolarni, shu jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo maydonchasida ta’minlangan tokenlarni oldi-sotdi qilish bo‘yicha bitimlarni;
-
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bilan faqat ta’minlangan tokenlarni chet el valyutasiga sotish operatsiyalarini.
-
O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlardan tashqarida ta’minlangan tokenlarni milliy va (yoki) chet el valyutasiga oldi-sotdi qilish, shuningdek ta’minlangan tokenlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, taqiqlanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
-
Kripto-depozitariy, emitentlar va ta’minlangan token egalari o‘rtasidagi nizolar tomonlarning kelishuvi bo‘yicha yoki sud tartibida hal etiladi.
-
Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Mazkur hujjat “ASTERIUM” AJning intellektual mulki hisoblanadi. Ushbu hujjatni to‘liq yoki qisman “ASTERIUM” AJning yozma ruxsatisiz nusxalash, tarqatish yoki undan foydalanish taqiqlanadi va qonun bo‘yicha ta’qib qilinadi.
© “ASTERIUM” AJ, 2026-y.
Ushbu hujjat amaldagi tahrirda eʼlon qilinadi va oʻzgarishlarga qarab yuridik xizmat tomonidan yangilanadi.