Mijozni kripto-aktivlar savdosiga, shuningdek kripto-birjaning boshqa xizmatlari va mahsulotlariga kiritish tartibi hamda kripto-aktivlar savdosi ishtirokchilari safidan chiqarish asoslari
1-bob. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining «Kripto-birjada kripto-aktivlar savdosini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining «O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi buyrug‘iga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. Mazkur Nizom mijozlarni kripto-aktivlar savdosiga, shu jumladan kripto-birjaning boshqa xizmatlari («spot», «marjinal» savdo va boshqalar) va mahsulotlariga qo‘yish tartibini, shuningdek kripto-aktivlar savdosi ishtirokchilari safidan chiqarish asoslari va tartib-taomillarini belgilaydi.
2-bob. Asosiy tushunchalar
2.1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
- Kripto-birja — O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan, kripto-aktivlar savdosini tashkil etish va amalga oshirish uchun elektron platforma taqdim etuvchi yuridik shaxs;
- Mijoz — kripto-birja bilan kripto-birjada kripto-aktivlar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan shartnoma tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan chet el shaxsi;
- Savdo ishtirokchisi — kripto-birja tomonidan kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilgan mijoz;
- Kripto-aktivlar savdosi — kripto-birjaning elektron platformasida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) chet el valyutasiga oldi-sotdi qilish yoxud bir turdagi kripto-aktivlarni boshqa turdagi kripto-aktivlarga ayirboshlash bo‘yicha bitimlarni tuzish jarayoni;
- Spot savdo — bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar bitim tuzilgan zahoti yoki qisqa muddat ichida amalga oshiriladigan savdo turi;
- Marjinal savdo — mijozga kripto-birja tomonidan elektron platformada bitimlar tuzish uchun pul mablag‘lari yoki kripto-aktivlar ko‘rinishida qarz beriladigan savdo turi;
- Main Account (Asosiy hisob) — kripto-birja platformasidagi mijozning ichki hisobi bo‘lib, pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni saqlash, hisobni to‘ldirish va mablag‘larni chiqarish, shuningdek ularni platforma servislar o‘rtasida o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. U hisob yozuvi doirasida mijozning bazaviy hisob-kitob hisobi hisoblanadi;
- Spot Account (Spot hisob) — kripto-birja platformasidagi mijozning faqat spot savdo doirasida bitimlar tuzish uchun mo‘ljallangan ichki hisobi. Spot hisobda joylashgan mablag‘lar savdo orderlarini joylashtirish va birjada kripto-aktivlarni oldi-sotdi qilish bitimlarini bajarish uchun foydalaniladi;
- Ichki arbitraj — Mijoz tomonidan platforma infratuzilmasi ichida bir yoki bir nechta o‘zaro bog‘liq operatsiyalarni ichki kurs tafovutlari, spredlar, komissiyalar, hisob-kitob mexanizmlari, konvertatsiya marshrutlari, aktivlarning mavjudligi qoidalari, limitlar, yaxlitlash, ma’lumotlar yangilanishidagi vaqtinchalik kechikishlar yoki platformaning boshqa ichki xususiyatlari hisobidan foyda olish maqsadida, tashqi bozor yoki uchinchi tomon savdo maydonchasidan foydalanmasdan amalga oshirish;
- Ichki arbitrajni suiiste’mol qilish — Mijozning platformaning ichki nomuvofiqliklari, texnik xususiyatlari, biznes-mantiq zaifliklari, narx tafovutlari, operatsion bo‘shliqlari yoki boshqa ichki mexanizmlaridan halollik tamoyillariga, tegishli mahsulotning iqtisodiy maqsadiga va undan foydalanishning belgilangan qoidalariga zid tarzda foydalanishi, shu jumladan kripto-birjaning normal faoliyatini buzadigan, platforma infratuzilmasiga ortiqcha yuklama keltirib chiqaradigan yoki kripto-birjaning boshqa mijozlari uchun xavf tug‘diradigan harakatlar;
- RKP (Hisob-kitob-kliring palatasi) — kripto-birjaning elektron kliring tizimi orqali kripto-birja bitimlari bo‘yicha kliring, hisob-kitoblar va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘linmasi;
- INP (Foydalanuvchining individual raqami) — kliring ishtirokchisiga beriladigan noyob kod;
- Virtual hisob — kripto-birjaning RKPda kliring operatsiyalarini amalga oshirish uchun ochiladigan maxsus hisob;
- Kliring ishtirokchisi — aksept yuborgan va RKPda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan kripto-birja mijozi.
3-bob. Kripto-aktivlar savdosiga qo‘yish prinsiplari
3.1. Mijozlarni kripto-aktivlar savdosiga qo‘yish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:
- · barcha mijozlar uchun qo‘yish shartlarining tengligi;
- · qo‘yish tartib-taomillarining shaffofligi;
- · xavfsizlik va axborotni himoya qilishni ta’minlash;
- · jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya qilish
4-bob. Mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi
4.1. Kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilishni istagan mijoz quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- voyaga yetgan bo‘lishi (jismoniy shaxslar uchun);
- terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni taqdim etishi;
- vakolatli bankda bank hisobvarag‘iga ega bo‘lishi (O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari uchun);
- elektron pochta manzili va u bilan aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi boshqa kontakt ma’lumotlarini taqdim etishi;
- kripto-birjaning ichki hujjatlariga muvofiq boshqa ma’lumotlarni taqdim etishi.
4.2. Kripto-birja bilan munosabatlarni o‘rnatish uchun mijoz quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
4.2.1. Jismoniy shaxslar:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun);
- kontakt ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami);
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq identifikatsiya o‘tkazish uchun zarur boshqa hujjatlar.
4.2.2. Yakka tartibdagi tadbirkorlar:
- · shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
- soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
- kontakt ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami);
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq identifikatsiya o‘tkazish uchun zarur boshqa hujjatlar.
4.2.3. Yuridik shaxslar:
- davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
- joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlar (pochta manzili);
- rahbarlar haqidagi ma’lumotlar;
- ta’sis hujjatlari nusxalari;
- soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
- kontakt ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami);
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq identifikatsiya o‘tkazish uchun zarur boshqa hujjatlar.
4.3. Kripto-birja bilan mijoz o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida o‘rnatiladi. Shartnomada quyidagi muhim shartlar bo‘lishi kerak:
4.3.1. Shartnoma predmeti (kripto-aktivlar savdosiga qo‘yish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish);
4.3.2. Tomonlarning huquq va majburiyatlari;
4.3.3. Kripto-aktivlar savdosini o‘tkazish tartibi;
4.3.4. Qonunchilikka muvofiq vakolatli organga ma’lumotlarni taqdim etish shartlari;
4.3.5. Mijozlar roziligi bilan ular bilan olib borilgan muzokaralarning audio yoki video yozuvini, shu jumladan yozishmalarni yozib olish va bunday axborotni kamida 5 yil saqlash shartlari;
4.3.6. Hisob-kitoblar tartibi;
4.3.7. Kripto-birja mukofoti shartlari;
4.3.8. Tomonlarning javobgarligi;
4.3.9. Nizolarni hal etish tartibi;
4.3.10. Shartnomani bekor qilish shartlari;
4.3.11. Qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar.
4.4. Shartnoma yozma shaklda, shu jumladan kripto-birja saytida joylashtirilgan ommaviy ofertani aksept qilish yo‘li bilan tuziladi.
4.5. Kripto-birja mazkur Nizom va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda mijoz bilan shartnoma tuzishni rad etishga haqli.
4.6. Kripto-birja bilan mijoz o‘rtasidagi munosabatlar o‘rnatilishi natijasida kripto-birjaning elektron platformasida mijozga hisob yozuvi (akkaunt) yaratiladi, unda mijoz, uning pul mablag‘lari va kripto-birjada saqlanayotgan kripto-aktivlari haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi.
4.7. Bitta mijozga kripto-birjaning elektron platformasida bittadan ortiq hisob yozuvi (akkaunt) yaratish taqiqlanadi.
4.8. Hisob yozuvini faollashtirish uchun mijoz quyidagilarni o‘z ichiga olgan verifikatsiya tartibidan o‘tishi kerak:
· elektron pochta manzilini tasdiqlash;
· telefon raqamini tasdiqlash;
· jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq identifikatsiya, shu jumladan biometrik identifikatsiya tartibidan o‘tish.
4.9. Mijozning hisob yozuvi quyidagi maqomlarga ega bo‘lishi mumkin:
- "Verifikatsiyadan o‘tmagan" — hisob yozuvi yaratilgan, biroq verifikatsiya tartibidan o‘tilmagan;
- "Verifikatsiyadan o‘tgan" — shaxsga doir ma’lumotlar verifikatsiyasidan o‘tilgan;
- "Faol" — kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilgan;
- "Bloklangan" — savdoga kirish vaqtincha to‘xtatilgan;
- "Yopilgan" — savdoga kirish to‘xtatilgan, shartnoma bekor qilingan.
5-bob. Mijozlarni kripto-aktivlar savdosiga qo‘yish tartibi
5.1. Agar bu qonunchilikka zid bo‘lmasa, kripto-birja istalgan mijozga o‘z nomidan va o‘z hisobidan kripto-aktivlar savdosini amalga oshirish uchun kripto-aktivlar savdosi ishtirokchisi maqomini berishga haqli.
5.2. Kripto-aktivlar savdosiga qo‘yish quyidagilardan keyin amalga oshiriladi:
· mijoz bilan shartnoma tuzilgandan;
· hisob yozuvi (akkaunt) yaratilganidan va verifikatsiya qilinganidan;
· mijoz RKPda INP berilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazilgandan;
· RKPda virtual hisob ochilgandan;
· mijoz tomonidan RKPning ikkilamchi hisobiga pul mablag‘lari kiritilgandan keyin.
6-bob. RKPda ro‘yxatdan o‘tish tartibi
6.1. RKP kliring xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan va barcha zarur hujjatlarni taqdim etgan Birja mijozlarini kliring ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazadi.
6.2. Kliring ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun Birja mijozi quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
6.2.1. Jismoniy shaxs uchun:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun);
- aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi kontakt ma’lumotlari (elektron pochta manzili va boshqa kontakt ma’lumotlari);
- kliring xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
6.2.2. Yakka tartibdagi tadbirkor uchun:
· shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
· davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
· aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi kontakt ma’lumotlari (elektron pochta manzili va boshqa kontakt ma’lumotlari);
· kliring xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
6.2.3. Yuridik shaxs uchun:
- · davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
- joylashgan yeri, rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar;
- aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi kontakt ma’lumotlari (elektron pochta manzili va boshqa kontakt ma’lumotlari);
- kliring xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
6.3. RKP barcha zarur hujjatlar olinganidan keyin bir ish kuni ichida Birja mijoziga INP beradi va kripto-aktivlar bo‘yicha bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlar hamda talab qilish huquqlarini amalga oshirish uchun zarur virtual hisob ochadi.
6.4. RKP kliring ishtirokchilari reyestrini yuritadi. Unda quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:
- kliring ishtirokchisining INPi;
- kliring ishtirokchisining nomi (yuridik shaxslar uchun) yoki F.I.O.si (jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun);
- kliring ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan sana;
- kliring ishtirokchisining kontakt ma’lumotlari;
- kliring ishtirokchisining maqomi (faol/to‘xtatilgan/tugatilingan).
6.5. RKP kliring ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatishni qonunchilikda, kliring xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada va mazkur Nizomda nazarda tutilgan hollarda to‘xtatadi.
6.6. Kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilish uchun mijoz o‘z virtual hisobini Birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochilgan RKPning ikkilamchi hisobiga pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan to‘ldirishi kerak.
6.7. Kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilish uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘larining eng kam miqdori kripto-birja tomonidan belgilanadi va kripto-birja xizmatlari tariflarida ko‘rsatiladi.
6.8. Mijozlarning virtual hisoblarida hisobga olinadigan pul mablag‘lari va kripto-aktivlar RKPning ikkilamchi hisoblarida saqlanadi. RKP RKP to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq kripto-birja va mijozlarning pul mablag‘lari hamda kripto-aktivlarini alohida hisobga olish va saqlashni ta’minlaydi.
7-bob. Kripto-birjaning turli savdo turlari va xizmatlariga qo‘yishning o‘ziga xos xususiyatlari
7.1. Spot savdoga qo‘yish
7.1.1. Spot savdo kripto-birjadagi asosiy savdo turi bo‘lib, bitimlar bo‘yicha darhol hisob-kitob qilishni nazarda tutadi.
7.1.2. Spot savdoga qo‘yilish uchun mijoz:
· faol hisob yozuviga (akkauntga) ega bo‘lishi;
· bitimlarni amalga oshirish uchun virtual hisobida yetarli miqdorda pul mablag‘lari yoki kripto-aktivlarga ega bo‘lishi kerak.
7.1.3. Spot savdo paytida mijozga quyidagilar taqiqlanadi:
- kripto-aktivlar narxlarini manipulyatsiya qilish;
- insayder axborotidan foydalanish;
- spot savdodan mazkur Nizomda ko‘rsatilgan siklik arbitraj sxemalari tarkibida foydalanish;
- kripto-birjaning bevosita yozma ruxsatisiz avtomatlashtirish vositalari (botlar, skriptlar, API-yechimlar va boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida operatsiyalarni amalga oshirish;
- asossiz foyda olish maqsadida spot savdoning texnik xususiyatlaridan, shu jumladan kotirovkalar yangilanishidagi kechikishlar, yaxlitlash va komissiyalarni qo‘llashdagi o‘ziga xosliklardan ataylab foydalanish;
- bozorda sun’iy faollik yaratishga qaratilgan bitimlarni tuzish.
7.2. Marjinal savdoga qo‘yish
7.2.1. Marjinal savdo elektron platformada bitimlar tuzish uchun kripto-birja tomonidan mijozga qarz mablag‘lari (pul mablag‘lari yoki kripto-aktivlar) berilishini nazarda tutadi.
7.2.2. Marjinal savdoga qo‘yilish uchun mijoz:
- kamida 30 kun davomida faol hisob yozuviga (akkauntga) ega bo‘lishi;
- marjinal savdo bilan bog‘liq xavflar bo‘yicha testdan muvaffaqiyatli o‘tishi;
- virtual hisobida marja talablari uchun yetarli miqdorda pul mablag‘lari yoki kripto-aktivlarga ega bo‘lishi;
- marjinal savdo xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shimcha kelishuvni imzolashi kerak.
7.2.3. Kripto-birja marjinal savdo uchun quyidagi talablarni belgilaydi:
- qarzning maksimal miqdori;
- qarzning minimal miqdori;
- marjinal savdo uchun mavjud kripto-aktivlar ro‘yxati;
- marja kritik darajaga yetganda mijoz pozitsiyalarini majburiy yopish tartibi va shartlari;
- qarz mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash tartibi va shartlari.
7.2.4. Bozorning yuqori volatilligi yoki kripto-birja barqarorligiga xavf tug‘diradigan boshqa holatlar yuzaga kelganda, kripto-birja ayrim mijozlarga yoki barcha mijozlarga marjinal savdo xizmatlarini ko‘rsatishni cheklash yoki to‘xtatib turish huquqiga ega.
7.3. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasiga qo‘yish
7.3.1. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasi kripto-birja mijozlari o‘rtasida kripto-aktivlarni oldi-sotdi qilish bo‘yicha bitimlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
7.3.2. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasiga qo‘yilish uchun mijoz:
- faol hisob yozuviga (akkauntga) ega bo‘lishi;
- kripto-birja bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasiga kirish to‘g‘risida shartnoma tuzishi kerak.
7.3.3. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasida operatsiyalarni amalga oshirishda mijoz quyidagi qoidalarga rioya qilishi shart:
- sotuvga qo‘yilayotgan kripto-aktivlar haqida ishonchli ma’lumot taqdim etish;
- nisbatan cheklovlar yoki taqiqlar mavjud bo‘lgan kripto-aktivlarni sotuvga taklif qilmaslik;
- savdoning boshqa ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarini vijdonan bajarish;
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasidan qonunchilikka zid maqsadlarda foydalanmaslik.
7.3.4. Yirik bitimlar (bitim tuzilgan kundagi umumiy summasi uch ming bazaviy hisoblash miqdoridan ortiq bo‘lgan bitimlar) faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo maydonchasida kripto-aktivlarni realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘larni mijozga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankidagi hisobiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
7.4. O‘rinbosar bo‘lmagan tokenlar savdosiga qo‘yish
7.4.1. O‘rinbosar bo‘lmagan tokenlar savdo maydonchasi o‘rinbosar bo‘lmagan tokenni chiqarish va muomalaga kiritish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
7.4.2. O‘rinbosar bo‘lmagan tokenlar savdosiga qo‘yilish uchun mijoz:
- faol hisob yozuviga (akkauntga) ega bo‘lishi;
- kripto-birja bilan maydonchaga kirish bo‘yicha kelishuv tuzishi kerak.
7.4.3. O‘rinbosar bo‘lmagan tokenlar savdo maydonchasida operatsiyalarni amalga oshirishda mijoz quyidagi qoidalarga rioya qilishi shart:
- o‘rinbosar bo‘lmagan tokenlar haqida ishonchli ma’lumot taqdim etish;
- uchinchi shaxslarning intellektual mulk huquqlarini buzmaslik;
- o‘rinbosar bo‘lmagan tokenlar mazmuniga nisbatan kripto-birja tomonidan belgilangan talablarni bajarish.
7.5. Ichki arbitrajdan foydalanilgan operatsiyalarga qo‘yish
7.5.1. Kripto-birja istalgan vaqtda ichki arbitrajdan foydalanilgan operatsiyalarga qo‘yish shartlarini ichki hujjatlarga muvofiq aniqlashtirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish huquqiga ega.
7.5.2. Ichki arbitraj bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirishda mijoz:
- platformaning mavjud mahsulotlaridan belgilangan operatsiyalar soni va hajmi limitlariga rioya qilgan holda o‘z aktivlarini boshqarish maqsadida izchil foydalanishi;
- aktivlarni boshqarishning muayyan strategiyasini amalga oshirishdan oldin uning maqbulligi yuzasidan tushuntirish olish uchun kripto-birja qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishi;
- asossiz foyda olish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnik xato, kurslar tafovuti yoki boshqa nosozlik aniqlanganda kripto-birjani zudlik bilan xabardor qilishi;
- kripto-birja talabiga ko‘ra amalga oshirilayotgan operatsiyalarning iqtisodiy mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.
7.5.3. Ichki arbitrajdan foydalanilgan operatsiyalarni amalga oshirishda mijozga quyidagilar taqiqlanadi:
- mazkur Nizomning 7.5.4-bandida ko‘rsatilgan limitlardan oshadigan, aniq iqtisodiy maqsadga ega bo‘lmagan siklik yoki seriyali operatsiyalarni muntazam ravishda amalga oshirish;
- komissiyalar, limitlar, antifrod yoki AML nazoratlari, mablag‘ chiqarish qoidalari yoki platformaning boshqa cheklovlarini chetlab o‘tish maqsadida operatsiyalarni ko‘plab ketma-ket tranzaksiyalarga bo‘lish;
- konvertatsiya marshrutlaridan, shu jumladan «Main Account → Spot Account → Main Account» va shunga o‘xshash ketma-ketliklardan mazkur Nizomning 7.5.4-bandida belgilangan limitlardan ortiq hajmda yoki tezlikda foydalanish;
- arbitraj strategiyalarini amalga oshirish uchun kripto-birjaning bevosita yozma ruxsatisiz dasturiy ta’minot, botlar, skriptlar, API-yechimlar va boshqa avtomatlashtirish vositalarini qo‘llash;
- arbitraj strategiyasini amalga oshirish yoki platforma cheklovlarini chetlab o‘tish uchun bir nechta hisob yozuvlari, affillangan yoki uchinchi shaxslarning hisoblari, boshqa to‘lov vositalari yoki hamyonlaridan foydalanish;
- asossiz foyda olish maqsadida platformaning texnik xususiyatlaridan, shu jumladan yaxlitlash, kotirovkalar yangilanishidagi vaqtinchalik kechikishlar, komissiyalar yoki limitlarni qo‘llashdagi tafovutlardan ataylab foydalanish;
- keyinchalik foyda olish maqsadida platformaning antifrod qoidalari, chegaraviy qiymatlari va boshqa nazorat mexanizmlarini sinab ko‘rishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish.
7.5.4. Suiiste’molliklarning oldini olish maqsadida mijozga quyidagi limitlardan oshish taqiqlanadi:
a) aynan bir xil yoki iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq operatsiyalar zanjirlari (sikllar) bo‘yicha:
- 10 daqiqa ichida ketma-ket 2 tadan ortiq sikl;
- 1 soat ichida 5 tadan ortiq sikl;
- 24 soat ichida 10 tadan ortiq sikl;
- bunday sikllar doirasidagi operatsiyalarning jami hajmi — sutkasiga 5 000 AQSh dollaridan ko‘p emas.
b) takrorlanuvchi mahsulotlararo sikllar, shu jumladan platformaning turli servislaridagi operatsiyalar bo‘yicha:
- 15 daqiqa ichida ketma-ket 1 tadan ortiq sikl;
- 1 soat ichida 3 tadan ortiq sikl;
- 24 soat ichida 5 tadan ortiq sikl;
- bunday sikllar doirasidagi operatsiyalarning jami hajmi — sutkasiga 5 000 AQSh dollaridan ko‘p emas.
Kripto-birja ko‘rsatilgan limitlarni bir tomonlama tartibda o‘zgartirish huquqiga ega. Yangilangan limitlar platformada tegishli axborot joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
7.6. Kripto-birjaning boshqa xizmatlari va mahsulotlariga qo‘yish
7.6.1. Kripto-birja mijozlarga qonunchilik va kripto-birjaning ichki hujjatlariga muvofiq boshqa xizmatlar va mahsulotlardan foydalanish imkonini berishga haqli.
7.6.2. Kripto-birjaning boshqa xizmatlari va mahsulotlariga qo‘yish tartibi hamda shartlari kripto-birjaning ichki hujjatlari bilan belgilanadi.
7.7. Mazkur bo‘limda nazarda tutilgan taqiqlarni buzish kripto-birja tomonidan mazkur Nizomning boshqa bo‘limlari va kripto-birjaning ichki hujjatlariga muvofiq ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi, jumladan savdoga kirishni to‘xtatib turish yoki bekor qilish, operatsiyalar natijalarini bekor qilish, aktivlarni chiqarishni bloklash va shartnomaviy munosabatlarni bekor qilish.
8-bob. Kripto-aktivlar savdosiga qo‘yishni to‘xtatib turish va bekor qilish
8.1. Savdoga qo‘yishni to‘xtatib turish asoslari
8.1.1. Kripto-birja quyidagi hollarda mijozning kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilishini to‘xtatib turishga haqli:
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning mijoz tomonidan buzilishi;
- mijoz tomonidan kripto-aktivlar savdosi qoidalarining buzilishi;
- kripto-aktivlar narxlarini manipulyatsiya qilish;
- insayder axborotidan foydalanish;
- ichki arbitrajni suiiste’mol qilish alomatlari aniqlanishi, shu jumladan siklik operatsiyalarni muntazam ravishda amalga oshirish, kripto-birja belgilagan limitlardan oshish, ruxsatsiz avtomatlashtirish vositalaridan foydalanish, platforma cheklovlarini chetlab o‘tish maqsadida operatsiyalarni bo‘lish;
- mijoz tomonidan mazkur Nizomning 7.5.4-bo‘limida nazarda tutilgan operatsiyalar soni yoki hajmi limitlarining oshirilishi;
- arbitraj strategiyasini amalga oshirish yoki platforma cheklovlarini chetlab o‘tish maqsadida bir nechta hisob yozuvlari, affillangan yoki uchinchi shaxslarning hisoblaridan foydalanish;
- kripto-birja bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi;
- kripto-aktivlar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalar yuzaga kelishi;
- vakolatli davlat organlaridan ko‘rsatma olinishi;
- kripto-birjaning elektron platformasidagi texnik nosozliklar;
- qonunchilik va kripto-birjaning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar.
8.1.2. Savdoga qo‘yishni to‘xtatib turish bunga sabab bo‘lgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur muddatga amalga oshiriladi.
8.1.3. Kripto-birja savdoga qo‘yishni to‘xtatib turish haqida mijozni uning elektron pochta manziliga xabar yuborish yoki kripto-birjaning elektron platformasidagi shaxsiy kabinet orqali xabardor qiladi.
8.2. Savdo ishtirokchilari safidan chiqarish asoslari
8.2.1. Mijoz quyidagi hollarda kripto-aktivlar savdosi ishtirokchilari safidan chiqarilishi mumkin:
- mijoz tomonidan kripto-aktivlar savdosi qoidalarining takroran buzilishi;
- kripto-birjada tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi;
- kripto-birjaga noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilishi;
- kripto-aktivlar narxlarini takroran manipulyatsiya qilish;
- insayder axborotidan takroran foydalanish;
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi;
- mijozning terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi;
- shartnomaning mijoz tashabbusi bilan bekor qilinishi;
- shartnomaning kripto-birja tashabbusi bilan bekor qilinishi;
- mijoz — yuridik shaxs tugatilishi;
- mijoz — jismoniy shaxs vafot etishi;
- sud yoki boshqa vakolatli organlar qaroriga ko‘ra;
- qonunchilik va kripto-birjaning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar.
8.2.2. Kripto-aktivlar savdosi qoidalarini buzganligi sababli savdo ishtirokchilari safidan chiqarilgan mijoz chiqarilgan paytdan boshlab uch oy davomida savdo ishtirokchisi bo‘la olmaydi.
8.3. Savdo ishtirokchilari safidan chiqarish tartibi
8.3.1. Mijozni savdo ishtirokchilari safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror kripto-birja rahbari tomonidan qabul qilinadi.
8.3.2. Kripto-birja savdo ishtirokchilari safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani haqida mijozni uning elektron pochta manziliga xabar yuborish yoki kripto-birjaning elektron platformasidagi shaxsiy kabinet orqali xabardor qiladi.
8.3.3. Mijoz savdo ishtirokchilari safidan chiqarilgan taqdirda:
- RKP mijozga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi va uning virtual hisobini yopadi;
- mijozning virtual hisobida hisobga olingan pul mablag‘lari mijoz ko‘rsatgan rekvizitlar bo‘yicha uning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
- mijozning virtual hisobida hisobga olingan kripto-aktivlar mijozning kripto-hamyon manziliga o‘tkaziladi.
8.3.4. Pul mablag‘larini o‘tkazish va kripto-aktivlarni topshirish kripto-aktivlar savdosida ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
8.3.5. Kripto-aktivlar bilan bog‘liq shubhali tranzaksiya aniqlangan taqdirda, pul mablag‘larini o‘tkazish va kripto-aktivlarni topshirish kripto-birja tomonidan jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilganidan keyin amalga oshiriladi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
9.1. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
9.2. Mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda kiritiladi.
9.3. Mazkur Nizom tasdiqlangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mazkur hujjat «ASTERIUM» AO intellektual mulki hisoblanadi. Ushbu hujjatni «ASTERIUM» AO yozma ruxsatisiz to‘liq yoki qisman nusxalash, tarqatish yoki undan foydalanish taqiqlanadi va qonunga muvofiq ta’qib qilinadi.
© «ASTERIUM» aksiyadorlik jamiyati
Ushbu hujjat amaldagi tahrirda eʼlon qilinadi va oʻzgarishlarga qarab yuridik xizmat tomonidan yangilanadi.